Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan Qizil kanyon hududi bo`ylab havo sharlari parvozi tashkil etildi. Bu haqda Turizm qo`mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, qo`mita tashabbusi bilan O`zbekiston Aeronavtika federasiyasi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir Boysun tumani turizm salohiyatini rivojlantirish va hududga kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Boysun tumani markazidan 3 km uzoqlikda joylashgan Qizil kanyon – yillar davomida tuproq hamda qoyalarning suv va shamol tufayli emirilishidan hosil bo`lgan tabiat mo``jizasi.
Havo sharlari Aeronavtika federasiyasi mutaxassislari shu kunning o`zida Qizil kanyon uzra ikki marta parvozga olib chiqildi.
Rang-barang va turli namunalardagi havo sharlarining namoyish parvozlari har bir sayyohga bu betakror, ertaknamo hududning fazoviy manzarasini tomosha qilish, yoqimli kadrlarni fotokamera xotirasiga joylash imkoniyatini beradi.
Tadbir doirasida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoqlarda minglab obunachilarga ega bo`lgan blogerlar uchun info-tur ham tashkil etildi.






