Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Jomboy tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 251-1 va 246-moddalari bilan sudlangan shaxs xaridorga 1 dona «Makarov» pistoleti va uning 96 dona o`q-dorisini 10 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo`lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Shuningdek, uning yashash xonadonida o`tkazilgan tintuv harakatlari davomida, foydalanishga yaroqli deb topilgan, kalibri 5,6 mm bo`lgan eski rusumdagi «Monte Kristo» to`pponchasi, turli xil gilzalar, ov miltig`i qismlari, o`tkir tig`li jismlar hamda boshqa ashyoviy dalillar prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 248-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






