Mamlakatda xususiy biznesni qo`llab-quvvatlash, aholining turmush farovonligini oshirish, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va iqtisodiy o`sish sur`atlarini ta`minlash borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bir necha kun oldin qabul qilingan O`zbekiston prezidentining “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni shu kabi islohotlarni mantiqli davomi desak mubolag`a bo`lmaydi. Xo`sh, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash mamlakatga nima beradi, buning ahamiyati nimada? Shu va shu kabi savollarimizga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bo`lim boshlig`i Farhod Ochilov javob berdi.
– Islohotlar natijasida tadbirkorlik keng rivojlanib, ishlab chiqarish hajmi va mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi barobarida aholi daromadini o`sishini ta`minlamoqda.
Shunga qaramay iqtisodiyotda yashirin ishlab chiqarish va aylanmalarni saqlanib qolinishi tadbirkorlik rivojiga va sog`lom raqobatni ta`minlashga to`siq bo`lmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 16 yanvar kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ham “Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu –yashirin iqtisodiyot” deb bejiz aytilmadi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish orqali byudjetga qo`shimcha tushumni ta`minlash bilan bir qatorda, sog`lom raqobat, adolatli biznes muhit yaratiladi. Bu esa investisiyalar hamda aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Imzolangan yangi Farmon bilan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlari belgilab olindi.
Xususan, yashirin iqtisodiyot ko`lamini keskin qisqartirish orqali mamlakatda sog`lom raqobat va xususiy biznesni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli sxemalari, xufiyona ishlab chiqarish va noqonuniy moliyaviy oqimlarga barham berish orqali iqtisodiy barqarorlikni va aholi faravonligini ta`minlash asosiy yo`nalishlar etib belgilangan.
Bundan tashqari iqtisodiyotdagi xufiyona aylanmalarga qarshi kurashuvchi davlat organlari faoliyatining aniq yo`nalishlarini belgilash orqali mas`uliyati va javobgarligini oshirish hamda yaxlit tizim yaratish bo`yicha mavjud muammolar bartaraf etildi.
Endilikda ushbu yo`nalishdagi davlat organlari faoliyati yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo`yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan yakdil siyosatni yuritish tizimi tashkil etildi.
Jumladan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vakolat va vazifalari kengaytirilib, asosiy faoliyatini yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda byudjet mablag`lari harakati zanjiri ustidan to`liq nazorat o`rnatish yuklatildi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ko`lamini qisqartirish bo`yicha belgilangan ustuvor yo`nalishlarga erishishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Unga muvofiq, soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirish, biznesni “soyadan” chiqishini rag`batlantirish hamda naqdsiz pul to`lovlarini ommalashtirish, 2030 yilgacha mo`ljallangan yashirin iqtisodiyot ko`lamini qisqartirish strategiyasi va maqsadli ko`rsatkichlar dasturini tasdiqlash, elektron tijorat tizimini rag`batlantirish va boshqa zaruriy masalalar bo`yicha aniq vazifalar qo`yildi.
Departament organlariga kelgusi 3 yilda yashirin iqtisodiyot ko`lami yuqori bo`lgan qurilish, farmasevtika, alkogol va tamaki sohalarida yashirin iqtisodiyot ulushiga barham berish, kapitalni chetga noqonuniy chiqib ketishi, qonunga xilof ravishda import va naqdlashtirishga murosasiz kurashish ustuvor yo`nalish etib belgilandi.






