Yanvar oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasi binosi buzilishi haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi. Ushbu holatga javoban Madaniy meros agentligi tomonidan berilgan rasmiy bayonotda bino buzilmasligi hamda obektda olib boriladigan ta`mirlash ishlari haqida qo`shimcha axborot berilishi ma`lum qilingan.
2024 yilning 11 yanvar kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 1-sonli yig`ilishi bo`lib o`tdi. O`tkazilgan yig`ilishda “O`zshaharsozlik LITI” davlat muassasasi tomonidan taqdim etilgan “Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasida bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish” loyihasi ko`rib chiqildi.
Loyihaga ko`ra, ushbu binoga mos ravishda 26 metr, 13 metr va 52 metr masofalardagi “Akkreditasiya-simulyasiya” qo`shimchasiga 2 ta yotoqxona binosini qurish, loyihada cherkov bo`lgan binoning yuqori qismini tiklash, binolarning tashqi ko`rinishini hamda konstruktiv holatini saqlash belgilangan.
Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan “O`zshaharsozlik LITI” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent tibbiyot akademiyasining binosi (sobiq Kadetlar binosi) rekonstruksiya qilish va inshootlarini qurish loyihasi yuqorida belgilangan talablar, shuningdek, binoning tashqi ko`rinishini konstruktiv tarzda saqlash sharti bilan tasdiqlandi.
Ma`qullangan kengash loyiha xulosasi tegishli tartibda “O`zshaharsozlik LITI” davlat muassasiga yuborildi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, “Moddiy madaniy meros obektlari joylashgan erlarda hamda ularga tutash hududlarda er qazish, er tuzish, qurilish, meliorasiya, xo`jalik ishlari va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasidagi vazirlik va tashkilotlarning ruxsatnomasini olish” belgilab qo`yilgan.






