Joriy yilning 24 yanvar kuni Telegram ijtimoiy tarmog`ida 80-sonli avtobusning sanitar holati talab darajasida emasligi haqida xabar joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan "Toshshahartransxizma" izoh berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat "2-Avtobus saroyi" filiali tasarrufidagi, saroy raqami 407-bo`lgan "MAN" rusumli, 80-sonli "Janubiy vokzal – M.Yusuf ko`chasi" avtobus yo`nalishida kuzatilgan.
"Toshshahartransxizmat" AJ avtobus saroyi filiallarida belgilangan tartibga asosan, barcha avtobuslar yo`nalishdan qaytganidan so`ng ularning sanitar va texnik holatlari tekshirilib, har kuni yuvib-tozalash ishlari olib boriladi. Erta tongda navbatchi mexanik tomonidan tekshiruv o`tkazilib, texnik soz va sanitar holati toza bo`lgan avtbuslar yo`nalishga chiqariladi.
Shu munosabat bilan, 24 yanvar kuni "2-avtobus saroyi" filiali navbatchi mexaniklari SH.B, I.I va Sh.Blar o`z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, sanitar holati talab darajasida bo`lmagan saroy raqami 407-bo`lgan, 80-sonli avtobusni yo`nalishga chiqargani uchun, ushbu navbatchi mexaniklarga o`rtacha oylik maoshining 20%i miqdorida jarima jazosi qo`llanildi.
Ushbu holatni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida, saroy raqami 407-bo`lgan mazkur 80-sonli avtobus "2-Avtobus saroyi" filialiga qaytganidan so`ng mas`ul xodimlar tomonidan tozalanib, sanitar holati tartibga keltirilganligini hamda hozirda yo`nalishda toza, ozoda holatda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatayotganligi ma`lum qilindi.






