BBS O`zbek xizmati Senat tarqatgan ma`lumotlarni yolg`on yoki noaniq ma`lumot ekanligini aniqladi.
11 yanvar kuni Senatning rasmiy saytida organ xodimlarini foto/videoga olib internetda tarqatishni taqiqlash haqidagi "15 sutka qamoq" qonunini yoqlash mazmunida xabar e`lon qilingan edi.
Ushbu xabarda bu kabi qonun Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyada mavjud ekanligi yozilgan.
Buyuk Britaniyada polisiyani bemalol tasvirga olish mumkin, bunga taqiq yo`q. Hattoki bu London polisiyasining saytida yozib qo`yilgan. Faqat bittagina holatda, ya`ni terrorizm xavfi mavjud bo`lsagina, terrorchi deya shubha qilingan shaxsdan tasvirga olishni to`xtatishni so`rashlari mumkin. Lekin keyinchalik u odam terrorchi bo`lib chiqmasa, unda shubha qilgan va tasvirga olishni to`xtatgan polisiyachining o`zi javobgarlikka tortiladi.
Fransiya haqidagi ma`lumot ham mutlaqo noto`g`ri ekan. Aniqrog`i Fransiyada polisiyani tasvirga olishni taqiqlovchi qonun qabul qilishgan, lekin o`sha yilning o`zidayoq Fransiya Konstitusiyaviy sudi ushbu qonunni Konstitusiyaga zid deya topib, uni bekor qilgan ekan.
Germaniya haqidagi ma`lumot ham noaniq ekan. Ya`ni haqiqatdan Germaniyada boshqa shaxslarning tasvirini Internetda tarqatish mumkin emas, ammo bu kasbidan, lavozimidan, kimligidan qat`i nazar barcha aholi uchun taalluqli qonun. Aynan organ xodimlari uchun alohida hech qanaqa modda yo`q. Lekin agar polisiya qonun buzayotgan bo`lsa, unda bu holatni tasvirga olib, tarqtishga ruxsat berilgan ekan, chunki jamoat manfaati shaxsiy huquqlardan ustun qo`yiladi.






