Sifatsiz benzin sotishning oldi qanday olinadi? Bugun Milliy matbuot markazida o`tkazilgan matbuot anjumanida "darakchi.uz" muxbiri tomonidan berilgan ushbu savoliga “O`zbekneftgaz” Boshqaruv raisining qayta ishlash bo`yicha o`rinbosari Odil Temirov javob berdi.
Kompaniya vakili ushbu muammoga tizimni raqamlashtirish orqali bartaraf etish choralari ko`rilayotganligini qayd etdi.
Mutaxassislarning ma`lum qilishlaricha, Jamiyat tomonidan mamlakatda ilk bor Burg`ilash ishlarini boshqarish markazi tashkil etildi. Ayni paytda ushbu markaz orqali Jamiyatga qarashli raqamlashtirilgan jami 23 ta burg`ilash dastgohi orqali jarayonlar onlayn kuzatib borilmoqda va tahlil qilinmoqda. Markazlashgan tashkiliy-raqamli makonni yaratish kompaniyaga qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg`ilash muddatini 30 foizdan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, matbuot anjumanida tabiiy gazni qazib chiqarish tizimini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “E-kon” loyihasi haqida ma`lumot berildi. Ushbu loyihani amalga tatbiq etish orqali konlardagi er usti tizimlari raqamlashtirilib, er osti bilan integrasiya qilinmoqda. Ayni paytda loyiha doirasida barcha konlarda jami 4057 ta bosim va harorat o`lchov vositalari hamda 76 ta aloqa stansiyasi o`rnatildi va onlayn nazorat tizimi ishga tushirildi.
Tadbirda shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining modernizasiya loyihasi haqida ham so`z bordi. Qayd etilganidek, Buxoro NQIZni modernizasiya qilish doirasida loyihalash, qurilmalarni tayyorlash, etkazib berish, qurish va o`rnatish, sozlash va ishga tushirish, texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha Xitoyning Milliy neft - gaz korporasiyasi (CNPC) va uning tarkibiy Xitoy neft muhandislik va qurilish korporasiyasi (CPECC) bilan hamkorlik qilinmoqda. Texnologik jarayon va qurilmalarni tanlash borasida jahonning etakchi lisenziar tashkilotlari, jumladan Fransiyaning “Axens”, AQShning “Honeywell UOP” va Rossiyaning “NPP Neftexim” kompaniyalarining takliflari o`rganildi.
Matbuot anjumani so`nggida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.






