Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi tomonidan OAV vakillari hamkorligida tashkil etilgan reyd tadbirlari Chilonzor tumani Cho`ponota ko`chasi 14-uy manzilida "Leader house building" MChJ tomonidan qurilayotgan ob`ektni o`rganish ishlari bilan davom etdi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mavjud savdo do`koni binosini erto`la qismida avtoturargoh tashkil qilish sharti bilan 1-2-qavatlari savdo va maishiy xizmat ko`rsatish majmuasi bo`lgan o`rta qavatli turar-joy binosiga qayta ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish ob`ektining qurilish-montaj ishlari Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan tegishli tartibda ro`yxatdan o`tmasdan turib amalga oshirilgan.
O`zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi 7-qismida nazarda tutilgan qonun buzilish holati aniqlanganligidan kelib chiqib, hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish ishlariga ma`sul rahbar o`rinbosariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 avgustdagi 496-sonli qarori bilan belgilangan talab asosida yozma ko`rsatma rasmiylashtirilgan hamda ko`rsatma talablarini o`z vaqtida bajarmagani uchun O`zbekiston Respublikasi MJKtning 99-moddasi 7-qismi bo`yicha 2022 yil 3 noyabrda ma`muriy jazo qo`llanilgan.
Shunga qaramay “Leader house building” MChJ tomonidan yana qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlangan hamda inspeksiya tomonidan 2022 yilning 2 fevralida 309-sonli yozma ko`rsatma rasmiylashtirilgan. Ko`rsatma talablarini o`z vaqtida bajarmagani uchun 2023 yil 30 martda MChJ rahbar o`rinbosariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJKtning 99-moddasi 7-qismi bo`yicha ma`muriy jazo qo`llanilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi 579-sonli qarori 1-ilovasi "Ob`ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta`mirlash bo`yicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy echimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o`tkazish tartibi to`g`risida"gi nizomning 5-bandiga ko`ra shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi, ya`ni bino-inshootning zilzilabardoshligi hamda energiya samaradorlik ko`rsatkichlari yong`in xavfsizligi talablari yuzasidan majburiy ekspertizadan o`tkazilishi lozim bo`lsada, “City Stroy project” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan ishchi loyiha hujjatlari ekspertiza ko`rigidan o`tkazilmagan.
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qo`yilgan talablarni bajarmasdan ShNQ va QMQ talablarini qo`pol ravishda buzgan holda Toshkent shahri Chilonzor tumani Cho`ponota ko`chasi 14-uy manzilida qurilish-montaj ishlarini davom ettirayotgan “Leader house building” MChJ ma`sul rahbarlariga nisbatan Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudiga da`vo arizasi kiritilgan.