AsosiyJamiyat

Qashqadaryo hokimi aholi ko`proq qaysi muammolar bilan murojaat qilishini ochiqladi

'Qashqadaryo hokimi aholi ko`proq qaysi muammolar bilan murojaat qilishini ochiqladi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning "Qashqadaryo" gazetasiga intervyu berdi. Suhbatda hokim Qashqadaryo aholisi qaysi masalalarda ko`proq murojaat qilishini ma`lum qildi.  

"Viloyat hokimi sifatida men, barcha soha va mahalliy davlat idoralari rahbarlari Qashqadaryoning har bir fuqarosi o`z hayotidan rozi bo`lib yashashi uchun ularga munosib turmush sharoitlarini ta`minlab berishga burchli ekanimizni ta`kidlab o`tmoqchiman. 

O`tgan yili O`zbekiston Respublikasi  Prezidentining virtual va xalq qabulxonalari orqali viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilsak, uy-joy va er, moddiy yordam va kredit ajratish, qurilish, ichki yo`llar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta`minoti, oqova suv, bandlik masalalari ko`proq tilga olingan.

Shunga ko`ra, ta`mirga muhtoj 2 ming 451 kilometr yo`llar qurilishi va ta`miri uchun byudjetdan 877 milliard 400 million so`m mablag` ajratildi. 2 ming 327 kilometr umumfoydalanishdagi hamda ichki xo`jalik yo`llari va 12 ta ko`prikda qurilish, ta`mirlash ishlari bajarildi. 805,4 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortilib, 73 ta suv inshooti, 59 dona suv olish quduqlari qazildi, 54 dona suv ko`tarish minorasi qurildi. Natijada o`tgan yil yakuni bilan aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta`minlanganlik darajasi 51,6 foizdan 59,4 foizga etkazildi.

Viloyatda elektr energiya ta`minotini yaxshilash maqsadida 1 ming 84,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari tortildi va 365 dona transformator punkti yangidan qurildi hamda 6 ming 552 dona temir-beton ustunlari o`rnatildi. Shu orqali 250 dan ortiq mahallada yashovchi 110 mingdan ortiq aholi xonadonlari, 3 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari va ijtimoiy soha ob`ektlarining elektr energiyasi ta`minoti barqarorligi va sifati yaxshilandi", - dedi viloyat hokimi.

Qayd etilishicha, viloyatda og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 55 ming 381 nafar fuqaroga 179 milliard 640 million so`mlik turli ko`rinishdagi yordamlar ko`rsatildi. Jumladan, "Ayollar daftari" bilan ishlash tizimi doirasida xotin-qizlarga 36 milliard 768 million so`mlik yordamlar qilindi. 40 ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta`minlandi, 7 ming 231 nafardan ortiq ayol tadbirkorlikka o`qitildi hamda 3 ming 485 nafariga 32,4 milliard so`mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. 353 nafar I guruh nogironligi bo`lgan xotin-qizning uy-joylari ta`mirlab berilgan. 

"Xonadonlar xatlovdan o`tkazilib, mavjud muammolar uyma-uy yurib o`rganildi. Kam ta`minlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yo`qotgan oilalarga xonadonlarida mutasaddi tashkilotlarni jalb qilgan holda joriy va kapital ta`mir ishlari olib borildi. Yo`llar asfaltlandi, lotok, ariq, kanal, kollektor-zovurlar tozalandi, suv inshootlari o`rnatildi. Aholi bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlari yaratish masalalari o`rganilib, tibbiy ko`rik, davlat xizmatlarini joyiga borib ko`rsatish tashkil etildi.

Bundan endi davlat idoralari kimdandir murojaat bo`lishini kutib o`tirishdan aholi muammolarini o`zlari izlab topib, bartaraf etish tizimida ishlashga o`tayotganini anglash mumkin. Aslida ham bundan buyog`iga shunday bo`lishi kerak", - dedi Murotjon Azimov. 

 

    Boshqa yangiliklar