Jizzax viloyati Do`stlik tumanida joylashgan oilaviy MTTlarining birida tarbiyalanuvchi bola vafot etdi. Maktabgacha ta`lim agentligi rasmiy ma`lumot bilan chiqdi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur oilaviy maktabgacha ta`lim tashkiloti YaTT M.F. nomida bo`lib, 2020 yil 3 dekabrda tashkil topgan. 2020 yil 3 dekabrdan 2023 yil aprel oyigacha 25 quvvat bilan faoliyat olib borgan. 2023 yil 12 apreldan QK № 108153-O/04 sonli qo`shimcha kelishuv bilan bitim muddati uzaytirilgan. Ushbu bitimga asosan MTT quvvati 18 o`rin deb belgilangan. Joriy yilning 15 fevral xolatiga BBIT.uz tizimidagi bola soni 18 nafarni tashkil etadi. 2024 yil 15 fevral kuni MTTda vafot etgan B.P. tashkilotga qatnovchi bolalar ro`yxatiga kiritilmagan, ya`ni noqonuniy tartibda qatnagan.
Maktabgacha ta`lim agentligi o`z faoliyati davomida muntazam ravishda MTT tashkil etayotgan tadbirkorlarni noqonuniy hatti-harakatlar sodir etmasligi yuzasidan ogohlantirib kelmoqda.
"Hurmatli tadbirkorlar! Oilaviy MTT tashkil etib, noqonuniy yo`l bilan daromad topishni emas, bolalar ta`lim-tarbiyasiga hissa qo`shishni maqsad qiling. Aks holda, qonun oldida albatta javob berish muqarrar. Unutmang, har bir tarbiyalanuvchining MTTda o`tkazayotgan vaqti sizning elkangizga ulkan mas`uliyat yuklaydi.
️Noqonuniy faoliyat olib borgan tadbirkorlar bilan Maktabgacha ta`lim agentligi tomonidan shartnoma bekor qilinishini ma`lum qilamiz", deyiladi xabarda.