Joriy yilning 17 fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida “IT ta`lim sohasida xususiy sektorni qo`llab-quvvatlash” mavzusida forum o`tkazildi.
IT ta`lim respublika Forumi 2024 yil va kelgusida yuqori malakali IT mutaxasssislarni tayyorlash tizimini yo`lga qo`yish, yoshlar va xususiy sektorni qo`llab-quvvatlashga bag`ishlandi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, IT ta`limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilab berilgan vazifalar va qarorlar ijrosini ta`minlash borasida kerakli ma`lumotlar berib o`tdi.
Ma`lumki, Davlatimiz rahbari tomonidan “O`zbekiston – 2030”strategiyasining 33-maqsadida 2030 yilgacha:
– IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga etkazish;
– BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida mamlakatimizni etakchi 30 ta davlatlar qatoriga kiritish;
– IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan ta`minlash kabi vazifalar belgilangan.
Ushbu belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, O`zbekistonda yoshlarning raqamli texnologiyalarga oid bilimlarini oshirish, “Bir million dasturchi” loyihasi, shuningdek, IT sohasida yoshlarning qobiliyatini rivojlantirish, axborot texnologiyalarini ular orasida ommalashtirish hamda targ`ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2024 yil 1 fevraldagi qaroriga asosan “IT-Talents” dasturi imzolangan edi.
Forumda yuqoridagi qarorning ijro mexanizmi haqida batafsil ma`lumotlar taqdim etildi.
Ma`lumot uchun, “IT talents” dasturi — ITPark rezidenti bo`lgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beruvchi nodavlat ta`lim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishni rag`batlantirishga qaratilgan loyiha hisoblanadi.
Yuqoridagi qarorga asosan, 2024 yil 1 martdan boshlab:
– nodavlat ta`lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha (25,5 mln. so`mgacha), nogironligi bo`lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha (35,7 mln.so`mgacha) bir martalik rag`batlantirish tizimini yo`lga qo`yiladi;
– ingliz tilini bilish bo`yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo`lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to`liq qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish natijasida mamlakatimiz quyidagi maqsadlarga erisha oladi:
1. Bozorda yuqori malakali IT mutaxassislari sonini ko`paytirish.
2. Yuqori sifatli IT-mutaxassislarini tayyorlaydigan IT-ta`lim kompaniyalarini qo`llab-quvvatlash.
3. Bozorda eksport qiluvchi IT-kompaniyalar uchun ancha yuqori sifatli mutaxassislarni etkazib berish.
4. IT mehnat bozori va IT ta`lim muassasalari o`rtasida yaxshiroq integrasiyaga ega bo`lish.
5. O`zbekiston IT-bozorida xalqaro Edtech kompaniyalarining mavjudligini ko`paytirish, bu esa mamlakatda iqtidorli yoshlarni tayyorlash va o`qitish bo`yicha mintaqada raqobatning kuchayishiga olib keladi.
Forum davomida bugungi kunda o`quv markazlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, IT-eksport kompaniyalarning mutaxassislarga bo`lgan ehtiyoji hamda IT-kurslarga bo`lgan talablar, shuningdek, biznesini rivojlantirishga doir foydali ma`lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida IT-xizmatlar eksporti bilan shug`ullanuvchi yirik kompaniyalarning soha mutaxassislariga bo`lgan ehtiyoji va talablari hamda IT-sohasidagi o`quv markazlarida sifatli kadrlar tayyorlash to`g`risida taqdimotlar o`tkazildi.
Shu bilan birga, IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalar (EPAM, Exadel,East-Games) va IT sohasida kadrlar tayyorlaydigan tashkilotlar (MAAB innovation, Najot Ta`lim, PDP)vakillari bilan hozirgi kunda IT kadrlar bozoridagi holat va mavjud muammolar to`g`risida panel sessiyasi bo`lib o`tdi.
Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Raqamli ta`limni rivojlantirish, aholi va yoshlarning raqamli ko`nikmalarini shakllantirish, zamonaviy kasblarga o`qitish va ta`limni raqamlashtirish bo`yicha bir qator ishlar va loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan:
– 2023 yildan “o’zbek coders”platformasi orqali “Coursera” onlayn kurslaridayoshlar uchun ta`lim olish imkoniyatiyaratildi;
– “Bir million dasturchi” loyihasidoirasida AKT sohasi bo`yicha “Coursera”platformasining professional kurslarida 1,1 ming nafarga yaqin, shuningdek, bepul kurslarida 215 ming nafardan ortiq yoshlar ta`lim olib, xalqaro IT sertifikatlarni qo`lga kiritishdi;
– IT sohadagi o`quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o`quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlar kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko`p bo`lmagan miqdorda iste`mol kreditlari ajratildi.
– IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash xizmati orqali xalqaro IT sertifikatiga konpensasiya olish uchun qatnashgan jami yoshlar soni 3 700 nafardan ortiq bo`lib, shundan, 1,5 mingga yaqin yoshlarga jami 2 mlrd so`mga yaqin xarajatlari qoplab berilgan. Jumladan, 2023 yil hozirgi kunga qadar 922 nafar yoshlarga jami 1,6 mlrd so`m miqdorida xarajatlar qoplab berildi.
– O`zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo`nalishida eng yaxshi startap” tanlovi o`tkazilib, g`oliblar 1million AQSh dollari miqdorida taqdirlandi.






