Poytaxtda giyohvandlikka qarshi kurashish yo`nalishida tezkor tadbirlarda joriy yilning 4 fevral kuni taxminan soat 22.00 larda Yangihayot tumanida o`zini shubhali tutgan 1987 yilda tug`ilgan Musaev Miraziz Mirjamolovich to`xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilgan. Uning yonidan 16 dona o`ramdagi, umumiy og`irligi 16,13 gramm bo`lgan “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 7 fevral kuni tungi soat 22.30 larda Mirobod tumanida o`zini shubhali tutgan fuqarolar 2002 yilda tug`ilgan Fayzullaev Alisher O`ktamovich va 2005 yilda tug`ilgan Muxammadov Firdavs Firuz o`g`li to`xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilganda, yonidan 3 dona o`ramdagi, umumiy og`irligi 1,39 gramm bo`lgan “gashish” giyohvandlik vositasi boriligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Tekshiruv jarayonida ushbu fuqarolar Mirobod tumanidagi bir nechta joylarga giyohvandlik vositalarini yashirishganligini ma`lum qilishgan. Ushbu yashirilgan giyohvandlik vositalarining joylari aniqlanib, 6 ta o`ramdagi “gashish” giyohvandlik vositasi xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, joriy yilning 8 fevral kuni taxminan soat 10.00 larda Mirzo Ulug`bek tumanida o`zini shubhali tutgan 1998 yilda tug`ilgan Vatanabe Mixail Ruslanovich to`xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilganda, yonidan 5 dona o`ramdagi, umumiy og`irligi 4,02 gramm bo`lgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Yuqorida qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda, tergov yakuni bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.
"Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslarning noqonuniy giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug`ullanganligi, giyohvandlik vositalarini yashirganligi yoki boshqa jinoyatlarga aloqadorligi haqida biror ma`lumotga ega bo`lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud yaqin oradagi IIBga murojaat qilishingizni so`raymiz. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi", deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.






