AsosiyJamiyat

Dastlabki rejalar etarli emas. Mutasaddilar o`tgan yildan saboq chiqarish kerak

'Dastlabki rejalar etarli emas. Mutasaddilar o`tgan yildan saboq chiqarish kerak'ning rasmi

2024 yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga etishi kutilmoqda. Bu haqida Prezident o`tkazayotgan yig`ilishda ma`lum qilindi.

Yig`ilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to`liq ishga solinmayotgani ko`rsatib o`tildi.  

Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar etarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o`tgan yildan saboq chiqarib, bu yo`nalishda ikki karra ko`p ishlashi va aniq natija ko`rsatishi kerakligi ta`kidlandi.

Prezident joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo`yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o`tilishini ta`kidladi.

Sababi, energetika tizimining barqarorligini ta`minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o`rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerak.

Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo`lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o`rnatish mo`ljal qilib olindi, - dedi davlat rahbari.

Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.

Bular - Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg`ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi.

Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.

Joylarda quyosh panellarini o`rnatish bo`yicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qo`llab-quvvatlash muhimligi ta`kidlandi.

Bu maqsadlarga qo`shimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar o`tkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga ko`rsatma berildi.

Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qo`shimcha engilliklar yaratilishi belgilandi.

 

    Boshqa yangiliklar