AsosiyJamiyat

Monitoring: 576 milliondan ortiq ustama pullari to`lanmagani aniqlandi

'Monitoring: 576 milliondan ortiq ustama pullari to`lanmagani aniqlandi'ning rasmi

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas`ul bo`lgan xodimlariga ustama to`lash ahvoli monitoring qilish orqali o`rganilganda mazkur xodimlarga har oylik ustama haqi lozim darajada to`lanmasdan kelayotganligi aniqlandi. Bu haqida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi darakchi.uz ga ma`lumot berdi.

Xususan, Kattaqo`rg`on tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limida zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas`ul bo`lgan xodimi E.I. 2019 yil  1 noyabrda 75-sonli buyruq asosida ishga qabul qilingan bo`lib, 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrgacha bo`lgan davrda jami 58 million 808 ming 589 so`m ustama pullari to`lab berilmaganligi aniqlandi. Huddi shu kabi holat, ushbu tashkilotning boshqa xodimlari bilan ham takrorlangan.  Xususan, M.Sh. 72 million 513 ming 181 so`m, N.K. esa 19 million 365 ming 884 so`m ustama pullarini ololmay kelgan.  

Qonunchilikka binoan, 2018 yil 1 iyundan  ushbu soha xodimlariga beriladigan har oylik ustama miqdori davlat byudjetidan, davlat byudjetidan ajratilmagan bo`lsa, ushbu tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo`lmagan miqdorda berilishi, shuningdek, davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan ixtisoslashtirilgan bo`linmalarning shtatdagi xodimlariga ustamalar xodim lavozim maoshining kamida 100 foiz miqdorda belgilanishi zarur.

Qayd etish joizki, 2023 yil davomida olib borilgan monitoringlar natijasi viloyatdagi birigina tibbiyot birlashmalari va MMTBda ishlayotgan mazkur soha xodimlariga jami 576 million 784 ming 916 so`m ustama pullari to`lanmaganini ko`rsatdi. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmalari tomonidan jami 26 million 516 ming 465 so`m, maktabgacha va maktab ta`limi bo`limlari tomonidan esa 442 million 341 ming 298 so`m ustama pullari ushlab qolingan. Payariq, Bulung`ur tuman tibbiyot birlashmasi, Kattaqo`rg`on, Ishtixon, Nurobod, Payariq, Bulung`ur, Jomboy tuman hamda Samarqand shahar MMTB shular jumlasidan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar rahbariyatiga taqdimnomalar kiritilgan.

    Boshqa yangiliklar