Avvalroq Bekobod tumani Zafar shaharchasida 7 yashar qiz qarindoshi tomonidan urib o`ldirilgani xabar qilingan edi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati darakchi.uz’ga holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent viloyati Bo`ka tumanida yashovchi 1989 yilda tug`ilgan fuqaro I.N. 2023 yilning 22 noyabrida Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi voyaga etmagan jiyanlari 2011 yilda tug`ilgan A.M. va 2017 yilda tug`ilgan A.Ch.larning otasi T.A. va onasi T.M.larning Rossiya Federasiyasiga ketganligi sababli, o`zi tarbiyalab kelayotgan jiyanlariga nisbatan o`zini vasiy etib tayinlashni so`rab, Bekobod tumani hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
Bekobod tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasining tibbiy ko`rik xulosasiga ko`ra, fuqarolar A.M. va A.Ch. hamda I.N.lar jismonan va ruhan sog`lom ekanligi ko`rsatilgan.
Yuqoridagi xulosalarga asosan, fuqaro I.N. Bekobod tumani hokimining 2023 yil 15 dekabrida voyaga etmaganlar A.M. va A.Ch.lariga nisbatan vasiy tayinlash to`g`risidagi qarori qabul qilingan.
Joriy yilning 12 mart kuni kech soat 20:00larda Bo`ka tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga voyaga etmagan A.Chning ammasi I.N. tomonidan kaltaklangani natijasida shifoxonaga tushganligi haqida xabar kelib tushgan.
Mazkur holat bo`yicha Markaziy shifoxonaga borib o`rganilganda, voyaga etmagan A.Ch.ning jonlantirish bo`limida yotganligi aniqlangan. Tibbiyot xodimlarining olib borgan sa`y-harakatlariga qaramay A.Ch. joriy yilning 15 mart kuni vafot etgan.
Hozirda fuqaro I.N. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan hamda Ichki ishlar organlari tomonidan tergov surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.






