AsosiySalomatlik

Shamollash mavsumi: Bemorlarga qanday mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi?

SSV aholi orasida kuz mavsumida avj oladigan kasalliklar va ularning profilaktikasiga bag‘ishlangan foydali ma’lumotni e’lon qilib bormoqda.

'Shamollash mavsumi: Bemorlarga qanday mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi?'ning rasmi

Hech qanday mahsulot shamollash, gripp yoki boshqa kasalliklarni davolay olmaydi. Ammo to‘g‘ri tanlangan mahsulotlar, suv, kofeinsiz o‘tli damlamalar kasallik paytida organizmni tabiiy ravishda qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, deyiladi xabarda.

Shamollaganda: 
Oddiy shamollash aslida infeksiyalar, burun va tomoq yallig‘lanishiga olib keladigan 200 dan ortiq turli viruslar sabab kelib chiqadi. Uning alomatlari: burun bitishi yoki oqishi, yo‘tal, aksirish, bosh va tomoq og‘rig‘i. Shamollash odatda uch-yetti kun ichida yo‘qoladi, ammo ba’zida ikki haftagacha ham davom etishi mumkin.

Shamollaganda ko‘p suv ichish tomoq og‘rig‘ini yumshatadi va immun tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu xastalikda eng yaxshi ovqatlar: turli sho‘rvalar, S vitaminiga boy mevalar, o‘tli damlamalar, asal, zanjabil. Sink va D vitamini tezroq tiklanishga yordam beradi. Gomeopatik vositalar ham shamollash alomatlarini yo‘qotishga yordam beradi.

Gripp bilan og‘riganda: 
Gripp — bu nafas olish tizimiga ta’sir qiluvchi virusli infeksiya. Uning alomatlariga isitmaning 38ºC dan yuqori ko‘tarilishi, mushaklardagi og‘riq, titroq, terlash, bosh og‘rig‘i, yo‘tal va burun oqishi kiradi. Gripp odatda 4 – 7 kungacha davom etadi, ammo alomatlar bir necha hafta kuzatilishi mumkin. Grippda shamollagandagi kabi parhezga rioya qilish, tomoq og‘rig‘ini davolash va immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlash muhimdir.

Isitma yuqori bo‘lganda: 
Isitma ko‘tarilganda, organizmning suv balansini normal holatda ushlab turishga e’tibor qaratish zarur. O‘tli damlama-choy kabi tanani sovutadigan mahsulotlar va bodring, sitrus mevalari, salat barglari, bulg‘or qalampiri, olma va uzum kabi suv miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.

Oshqozon infeksiyasi bo‘lganda:
Bunda yengil hazm bo‘ladigan, yumshoq ovqatlarni iste’mol qilish kerak. Ular oshqozonni tinchlantirishga yordam beradi va ovqat hazm qilishning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Banan, guruch, olma pyuresi, kraker va o‘tli choylar eng yaxshi tanlovdir.

    Boshqa yangiliklar