Osiyo taraqqiyot banki Tojikistonga mamlakat elektr tarmoqlarini O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqa tarmog‘i orqali Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qayta ulash loyihasini kengaytirish uchun qo‘shimcha 15 million dollarlik grant ajratishni ma’qulladi.
Qo‘shimcha mablag‘lar Tojikiston shimolidagi "Sug‘d" podstansiyasi va O‘zbekistondagi "Yangi Sirdaryo" podstansiyasi o‘rtasida 22 kilometrlik 500 kV yangi elektr uzatish liniyasini qurish imkonini beradi.
Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidagi davlatlar o‘rtasida elektr energiyasi eksporti va importi salohiyatini oshirishga hamda tarmoq uzilishlarining oldini olish uchun infratuzilmani mustahkamlashga yordam beradi, deyiladi xabarda.
OTBning ta’kidlashicha, loyiha Tojikiston energetika tizimi mintaqada qayta tiklanadigan energiyani uzluksiz integratsiyalashuvi uchun energiya va chastotalarni nazorat qilish xizmatlarini taqdim etishga tayyorligini ham ta’minlaydi. Uzoq muddatli istiqbolda u Tojikistondagi Rog‘un GESdan elektr energiyasini uzatish sxemasining asosiy tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda.