Joriy yilning iyul oyida Yangiyo‘l tumanida bir oilaning barcha a’zolari o‘ldirilib, uyiga o‘t qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani bo‘lgan. Qotil (1995 y.t.) jabrlanuvchi erkak (marhum) ning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni o‘rtalarida mavjud bo‘lgan qarz munosabati sababli sodir etganligi ma’lum qilingan edi.
Oliy sud Matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun Toshkent viloyat sudida Z. S.ga (erkak, 1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi B. Roziqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Z. S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "a", "v", "j", "z", "i" bandlari, 118-moddasi 1-qismi, 134-moddasi, 164-moddasi 3-qismi "v", "g" bandlari va 173-moddasi 2-qismi "b" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.