AsosiyJamiyat

Toshkentda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganlardan 1 kunda 11 mln so‘mdan ortiq jarima undirildi

Bir kunda chiqindi tashlash bilan bog‘liq 16 ta huquqbuzarlik aniqlangan, reydlar davom etmoqda.

'Toshkentda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganlardan 1 kunda 11 mln so‘mdan ortiq jarima undirildi'ning rasmi

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlashga qarshi navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 12 mart kuni o‘tkazilgan reyd davomida poytaxt hududida bir kunning o‘zida chiqindi tashlash bilan bog‘liq 16 ta huquqbuzarlik aniqlandi. Huquqbuzarlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91prim 1-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jami 11 million 375 ming so‘m jarima qo‘llanildi.

 Ma’lumot uchun, MJtKning 91prim 1-moddasi 1-qismiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 000 — 1 125 000 so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 750 000 — 7 500 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 875 000 — 3 500 000 so‘m), mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (7 500 000 — 11 250 000 so‘m) miqdorda jarima solinadi.

 Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar