AsosiyJinoyat

Toshkentda “2 ming so‘m uchun” giyohvandlik kanalini reklama qilgan shaxs 37,5 mln so‘m jarimaga tortildi

Poytaxtning Uchtepa tumanida devor va ustunlarga giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Telegram kanalining reklamasini yopishtirib yurgan erkak qo‘lga olindi.

'Toshkentda “2 ming so‘m uchun” giyohvandlik kanalini reklama qilgan shaxs 37,5 mln so‘m jarimaga tortildi'ning rasmi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Telegram kanal reklamasini devor va ustunlarga yopishtirib yurgan vaqtida ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan surishtiruvlarda haqiqatdanam giyohvandlik moddalari tarqatilishi aniqlangan. Fuqaro bilan suhbatlashilganda har bir reklamasi uchun 2 ming so‘mdan pul olayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Bu ishni boshlaganimga 4 kun bo‘ldi. To‘rtinchi kuni IIB xodimlari meni ushlab olishdi. QR kod orqali kirilsa, bu giyohvandlik vositalari savdosi kanali ekanligini tushuntirishdi. Bu ishni bilib-bilmasdan qilib qo‘ymoqdamiz, deydi ayblanuvchi. 

Ushbu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida ko‘rib chiqildi va fuqaro MJtKning 56-prim 4-moddasi (giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) asosan aybli deb topildi.

Fuqaroga nisbatan BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

    Boshqa yangiliklar