Xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqida Prezident yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”,
- dedi prezident.
Mutasaddilarga “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.