Netflix kompaniyasi “Temurlang. So‘nggi jahongirning yuksalishi” (Tamerlane: Rise of the last Conqueror) nomli filmni suratga olish ishlarini yakunladi. 2022 yil oxirida boshlangan ushbu loyiha Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, suratga olish jarayonlari O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan.
“Filmda Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi hamda u qoldirgan meros haqida hikoya qilinadi. Suratga olish jarayonining markazi O‘zbekiston bo‘ldi. Biz mintaqadagi eng muhim tarixiy shaxslardan birining kinotasvirini aynan u yashagan va jang qilgan hududlarda yaratdik. Bu suratga olish jarayoni biz uchun juda qadrli bo‘ldi”, deydi loyiha mualliflari.
Suratga olish guruhiga O‘zbekiston, Qozog‘iston va AQSHdan mutaxassislar jalb etilgan. Rejissyor — Jeykob Shvars, ssenariy muallifi — Metyu Grin. Amir Temur rolini Kristian Mortensen, Amir Husaynning raqibini Mahesh Jadu, Aljayning rafiqasini esa o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova ijro etgan.
Kaskadyorlar guruhini afsonaviy Nomad Stunts jamoasi boshqargan — ular yordamida otliqlar hujumi va ot janglari sahnalarini jonlantirishga muvaffaq bo‘lishdi.
“Biz o‘zbekistonlik tarixchilar va olimlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, jamoamiz bilan Markaziy Osiyoning ulug‘vorligini o‘sha davrga oid dekoratsiyalar, go‘zal liboslar bilan ko‘rsatishga harakat qildik”, deydi loyiha ijodiy guruh a’zolari.
Filmni suratga olish ishlari o‘tgan yilning kuzida yakunlangan bo‘lib, hozirda u post-prodakshn bosqichiga o‘tgan. Taxminlarga ko‘ra, premera joriy yil yoz oxirida bo‘lib o‘tadi.