Yevropa Ittifoqi Qora dengizda dengiz xavfsizligi markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha YI tomonidan taqdim etilgan “Qora dengiz strategiyasi” doirasida amalga oshiriladi.
YI tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas Bryusselda ta’kidlaganidek, markazning asosiy vazifasi — mintaqadagi infratuzilma va kemalar harakatini real vaqt rejimida, kosmos va dengiz tubidan kuzatishdir.
Markazning joylashuvi, ishtirokchi davlatlar va moliyalashtirish manbalari hozircha ochiqlanmagan. Kallasga ko‘ra, bu markaz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish jarayonini ham kuzatishda ishtirok etishi mumkin.
Yangi strategiya doirasida YI harbiy harakatlanishni yengillashtiruvchi infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, Ukraina, Moldova, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon va Turkiya bilan hamkorlikni kuchaytirishni ham ko‘zlamoqda.