Ukraina delegatsiyasi bugun, 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Rossiyaga taqdim etmoqchi bo‘lgan tinchlik takliflari matnini “Reuters” agentligi oshkor qildi.
Unga ko‘ra, Kiev to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda — havoda, quruqlikda va dengizda. Ishonchni mustahkamlash uchun noqonuniy ravishda Rossiyaga olib ketilgan barcha ukrainalik bolalarni zudlik bilan qaytarish, harbiy asirlarni “hammasi hammasiga” printsipi asosida almashish, shuningdek, Rossiya barcha tinch aholi garovdagilarini ozod qilishi lozim.
Keyingi bosqichda esa o‘t ochishni to‘xtatish rejimi va Zelenskiy hamda Putin o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuv kun tartibi kelishilishi kerak. Muzokaralarda AQSH va Yevropa davlatlari ishtirok etishi muhim, deydi Ukraina.
Ukraina xalqaro hamjamiyatdan ishonchli xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda. Hujjatga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari soni, joylashuvi yoki boshqa jihatlariga hech qanday cheklovlar qo‘yilmasligi, shuningdek, mamlakat hududida do‘stona xorijiy davlatlarning qo‘shinlari joylashtirilishiga to‘sqinlik qilinmasligi kerak.
Ukraina shuningdek, Rossiya 2014 yil fevralidan buyon egallab turgan hududlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasligi lozimligini ta’kidlamoqda. Muzokaralar boshlanishi uchun mavjud front chiziqlari asos qilib olinadi, ammo hududiy masalalar faqat to‘liq o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng muhokama qilinadi.
Rossiyaga nisbatan ayrim sanksiyalar bekor qilinishi mumkin, ammo bosqichma-bosqich va zarurat tug‘ilganda ularni qayta tiklash mexanizmi bilan. Ukraina taklifiga ko‘ra, Rossiyaning muzlatilgan aktivlari mamlakatni tiklash uchun ishlatiladi yoki reparatsiya to‘lanmaguncha muzlatilgan holda qoladi.