Andijon viloyatida davlat mansabdorlari ishtirokida yirik poraxo‘rlik sxemasi fosh etildi. Qonunni bilgan va uni himoya qilishi kerak bo‘lgan shaxslar uni buzishga ham o‘zlari bosh bo‘lgan.
Xonobod shahridagi holat
Shahar hokimining o‘rinbosari, spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari bilan til biriktirgan. Ular mahalliy tadbirkor uchun matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasi qurish bahonasida 4 gektar yer maydonini alohida lot qilib auksionga qo‘ydi. Yerni tadbirkor nomiga rasmiylashtirish evaziga 20 ming dollar pora olgan paytda ushlangan.
Andijon tumanidagi holat
Tuman hokimining sobiq o‘rinbosari, shahar statistika bo‘limi rahbari va yana ikki shaxs “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasidan 6 gektar yer olib berishni va’da qilib, tadbirkordan 600 ming dollar talab qilgan. Ular oldindan 150 ming dollarni olgan vaqtda qo‘lga tushgan.
Bu holatga Raqobat qo‘mitasining viloyat boshqarmasida sobiq birinchi o‘rinbosar bo‘lgan shaxs ham aloqador. U bu “ishda yordam berish” uchun 11 ming dollar olgani ma’lum qilindi.
Toshkent viloyatidagi holat
Ohangaronda pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbari fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini “tiklab”, uni pensiyaga chiqarish uchun 1500 dollar talab qilgan va pora olgan paytida ushlangan. Ushbu shaxs avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan — Jinoyat kodeksining 167-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov ishlari olib borilmoqda.