Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida umumiy qiymati 5 milliard dollarga teng umumiy kurort majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda.
Rasmiy qarorga ko‘ra, 577 gektar yer 25 yilga “Sea Breeze Uzbekistan” MChJga ijara berilgan.
Biroq, investor ekologik talablarga qat’iy amal qilishi, xususan, chiqindi va oqova suvlarning Chorvoq suv ombori hamda Chirchiq daryosiga tushishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Vazirlar Mahkamasi loyihani amalga oshirish davomida bu talab buzilsa, ijara bekor qilinishi va yer qaytarib olinishi mumkinligi ochiq aytgan.
Rasmiy hujjatda ko‘rsatilishicha, investor qurilish hududidagi xususiy mulk egalari bilan kelishgan holda ularni sotib oladi.
Prokuratura, Ekologiya hamda Qurilish vazirliklari loyihaga nisbatan doimiy nazorat o‘rnatadi. Jumladan, Bosh prokuror o‘rinbosari loyihaning qonunchilik asosida amalga oshirilishini bevosita kuzatadi. Shu bilan birga, respublika ishchi guruhi tashkil etilib, investor majburiyatlarining bajarilishi muntazam monitoring qilinadi.
Ammo mutaxassislar bunday yirik loyihalarning ekologiyaga ta’siri bo‘yicha mustaqil ekspertiza talab qilinishini, aks holda Chorvoq kabi yirik suv omborlariga xavf tug‘ilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.