Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahriga tashrifi chogʻida Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara oʻtkazdi. Tomonlar oʻzaro ishonchga asoslangan strategik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda davlat rahbari Berdimuhamedovni BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlar boʻyicha konferensiyasini yuqori saviyada tashkil etgani bilan tabrikladi. Suhbat davomida Samarqandda aprel oyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosi, ikki tomonlama savdo, sanoat va transport sohalaridagi kooperatsiya, shuningdek, “Shovot–Toshovuz” chegarasidagi savdo zonasi loyihasi haqida soʻz yuritildi.
Yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi 600 million dollarga yetgani qayd etildi. Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda oʻtadigan yettinchi Maslahat uchrashuvi boʻyicha ham fikr almashildi.