O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va butun tojik xalqini Mustaqillik kuni munosabati bilan tabrikladi.
Prezident o‘z tabrigida Tojikistonda erishilgan taraqqiyot va xalqaro nufuzning ortib borayotganini alohida e’tirof etdi.
“Mustaqillik yillarida sizning dono rahbarligingiz ostida mamlakatda tub islohotlar amalga oshirildi, hayotning barcha jabhalarida salmoqli natijalarga erishildi”, — deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari bundan buyon ham mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda 9 sentyabr — Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.
Shu munosabat bilan Prezident Imomali Rahmonni qator davlat rahbarlari, jumladan, Rossiya, AQSh, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston yetakchilari ham tabrikladilar.