O‘zbekistonda pensiyaga chiqish yoshini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-sentyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkaklar uchun pensiya yoshini 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bunda pensiya yoshini oshirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi — har yili yarim yildan qo‘shib boriladi.
Murodbek Otajonovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida pensiya yoshi 65 yoshdan yuqori. O‘zbekistonda pensiya yoshi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan beri 32 yil davomida oshirilmagan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda u 75 yoshga etdi. Agar bundan 20 yil avval nafaqaxo‘rlar pensiyaga chiqqandan keyin o‘rtacha 8-9 yil yashagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5, ayollarda 20 yoshga yetdi.
Pensiya yoshini oshirish to‘g‘risidagi qaror hali qabul qilinmagan. Pensiya jamg‘armasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha bir oy muddat davom etadigan jamoatchilik takliflarini yig‘ish uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi. Olingan takliflar o‘rganilgach, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida ikkinchi muhokama o‘tkazish, o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini rasman taqdim etish rejalashtirilgan.
Pensiya islohoti haqida
Hukumatning 2024-yil 23-sentyabrdagi qarori bilan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlagandi. Unga bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladi. Kelishuv asosida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari jalb qilinadi.
Bu guruh amaldagi davlat pensiya ta’minotida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda xorijiy tajriba asosida tizim barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlashi kerakligi, 2025-yilning 1-martigacha pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerakligi belgilangandi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda yoshga doir pensiya olish uchun erkaklar 60 yoshda, ayollar esa 55 yoshda bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, erkaklar uchun kamida 25 yil, ayollar uchun esa kamida 20 yil ish staji talab qilinadi.