AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda uch oy ichida qancha haydovchi jarima ballari olgani aytildi

Ushbu tizim 2025 yil 1 iyundan yoʻlga qoʻyilgandi.

'O‘zbekistonda uch oy ichida qancha haydovchi jarima ballari olgani aytildi'ning rasmi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushirilgach, 3 oy ichida 63 mingdan ortiq haydovchi jarima ballarini oldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, haydovchilarga berilgan jarima ballari tahligiga ko‘ra, uch oyda 5 ballgacha — 4 nafar, 4 ballgacha — 14 nafar, 3 ballgacha — 129 nafar, 2 ballgacha — 4976 nafar, 1 ballgacha — 63 974 nafar haydovchi olgan.

Shu bilan birga 9 million 325 mingdan ortiq haydovchi umuman jarima balli olmagan. 

Shuningdek, o‘tgan uch oy ichida qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamayib, 2024 yil iyun—avgust oylarida 285 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlandi bo‘lsa, 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 167 mingni tashkil etgan. Ya’ni qoidabuzarliklar soni 58 foizga kamaygan.

2024 yil iyun—avgust oylarida haydovchilar aybi bilan 531 ta YTH sodir etildi bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 338 taga, ya’ni 36 foizga tushdi.  

“Olib borilgan choralar natijasida ham qoidabuzarliklar, ham YTHlar sezilarli darajada kamaymoqda”, — deyiladi YHXX xabarida.​

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tizimi 2025 yil 1 iyundan yo‘lga qo‘yilgandi. Jarima ballari “E-jarimaball” moduli orqali inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

Quyida ayrim qoidabuzarliklar va ularga belgilangan jarima ballari miqdori keltirilgan.

Tezlikni oshirganlik uchun quyidagicha ball hisoblandi:

20 km/soatgacha — 0,5 ball;

20 dan 40 km/soatgacha — 1 ball;

40 dan 60 km/soatgacha — 1,5 ball;

60 km/soatdan yuqori — 2 ball.

Ma’lumot uchun, jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

    Boshqa yangiliklar