Guruh o‘zining rasmiy murojaatida G‘azo sektoridagi barcha tirik qolgan garovdagilar va halok bo‘lganlarning jasadlarini Isroilga topshirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda AFP agentligi hamda Al Jazeera telekanali xabariga asosan ma’lum qilindi.
HAMAS o‘z bayonotida: "Agar zarur shart-sharoit yaratilsa, biz prezident Trump tomonidan taklif etilgan almashinuv formulasi asosida harakat qilamiz. Muzokaralarni vositachilar orqali zudlik bilan boshlashga ham tayyormiz", — deya qayd etdi.
Shuningdek, harakat G‘azo sektori boshqaruvini kelgusida "Falastin milliy konsensusiga asoslangan va arab hamda islomiy qo‘llovga ega mustaqil organqa topshirish" niyatini ham bildirib o‘tdi. Bu esa mintaqada yangi siyosiy jarayonlar uchun yo‘l ochishi mumkin.
Biroq HAMAS siyosiy byurosi vakili Muso Abu Marzukning ta’kidlashicha, garovdagilarni va jasadlarni 72 soat ichida topshirish amalda deyarli imkonsiz, bu hozircha faqat nazariy masala sifatida baholanmoqda.
Harakat qurolsizlanish masalasi borasida hech qanday qaror qabul qilmaganini ham ochiq bildirdi. Qatarda joylashgan HAMAS yetakchilari AQSh prezidenti taklif etgan rejadagi ayrim shartlarni o‘zgartirish zarurligini ta’kidlamoqda.
AQSh prezidenti Donald Trump esa Truth Social tarmog‘ida HAMASning javob matnini e’lon qilib, usbu jaroyin tinchlik yo‘lida so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkinligini yozdi. Agar kelishuv amalga oshmasa, u holda HAMAS uchun mislsiz oqibatlar bo‘lishini ta’kidladi.
Bu voqea mintaqadagi murakkab siyosiy jarayonlarning yangi bosqichga qadam qo‘yganidan dalolat bermoqda. Kelgusidagi muzokaralar esa nafaqat G‘azo, balki butun Yaqin Sharq taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.