Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni sun'iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Sohaning infratuzilmasini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi rejalar e’lon qilindi.
Taqdimotda iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport kabi yo‘nalishlarda sun'iy intellekt asosida 86 ta loyiha ishlab chiqilgani va ularni amalga oshirish uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi. Bu loyihalarni quvvatlash uchun mamlakatda superkompyuter klasteri tashkil etilmogda.
Yana bir muhim yangilik — 2027 yilgacha 1 million nafar yosh sun'iy intellekt sohasida bilim olishini nazarda tutuvchi “Bir million sun'iy intellekt yetakchilari” dasturi davom etmogda. Ayni paytda aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalarida 5 ta bepul onlayn kurs faol.
Bundan tashqari, “HealthTech AI Hackathon” muvaffaqiyatli o‘tkazilgani aytildi. Yaqin orada bunday hakatonlar ta’lim, sud tizimi, tadbirkorlik kabi sohalarda ham o‘tkaziladi.
Davlat rahbari barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, sohaga investitsiyalarni jalb etish, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.