AsosiyJinoyat

Fargʻonada dala maydonidan opiy olayotgan uch kishi ushlandi

Tezkor tadbir chog‘ida xalqaro “narkoguruh” a’zolari 4 kg giyohvandlik moddasi bilan qo‘lga tushdi.

'Fargʻonada dala maydonidan opiy olayotgan uch kishi ushlandi'ning rasmi

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dalaga yashirilgan opiyni olayotgan uch nafar shaxs ushlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Tadbir Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Qo‘qon–Toshkent avtomagistral yo‘li chetidagi dala maydoniga ko‘milgan polietilen o‘ramlardagi 4 kilogramm opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Surishtiruv davomida ushbu shaxslarning avval ham giyohvandlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘lgan. Ulardan biri — 1997 yilda tug‘ilgan ayol, yana ikkitasi esa 1989 va 1974 yillarda tug‘ilgan erkaklar bo‘lib, ular Tojikiston va Qirg‘izistonda ham faoliyat yurituvchi transchegaraviy "narkoguruh"ga a’zo ekani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu guruhning qolgan a’zolarini aniklash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar