Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ishlovchi 32 yoshli hamshira 2020 yilda tug‘ilgan qizchani ikki marta sotishga uringani uchun sud tomonidan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hamshira avvaliga qizchani onasi bilan kelishgan holda boshqa bir ayolga 19,7 million so‘mga sotgan. Keyin esa bolani sotib olgan ayoldan guvohnoma olib berish evaziga yana 2 million so‘m pora olgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u 60 yoshli erkak bilan til birliktirib, qizchani boshqa shaxsga 15 ming dollarga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Jinoiy ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi tomonidan 17 sentyabr kuni chiqarilgan hukmga ko‘ra, hamshirada ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima ham belgilandi.
Uning sherigiga esa 3 yilga uy qamog‘i jazosi tayinlandi va u ham 30 baravar jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.
Hozirda qizaloqning ahvoli yaxshi — u Kitob tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanmoqda.