O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya hududida ayrim noqonuniy guruhlar O‘zbekiston konsullik muassasalari nomidan qalbaki hujjatlar tayyorlab berayotganligi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Rossiyadagi konsullik muassasalariga qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari qayd etilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, ayrim shaxslar va guruhlar “Telegram” mobil ilovasidagi turli virtual kanallar orqali O‘zbekiston va boshqa davlatlar hujjatlarini “tayyorlab berish xizmatlari”ni taklif qilmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ana shunday jinoyiy faoliyat natijasida fuqaro E.M.R. qalbaki “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirgan. O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tezkor harakatlari natijasida ushbu hujjatning soxtaligi aniqlandi va fuqaroning Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (chegarani noqonuniy kesib o‘tish) va 327-moddasi (soxta hujjatlar tayyorlash yoki sotish) bo‘yicha jinoyat sodir etishining oldi olindi.
Shuningdek, fuqaro O.B.B. qalbaki nikoh asosida “nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma”ni rasmiylashtirgan va unga asosan farzandi uchun “tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma” olgani ma’lum qilindi.
TIV Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “hujjat tayyorlab berish” haqidagi e’lonlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Rasmiy idora fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlariga murojaat etishni qat’iy tavsiya etmoqda, chunki bu firibgarlik va noxush holatlarga tushib qolishning oldini olishga xizmat qiladi.






