Kecha, 11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi. Qayd etilishicha, muloqot davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, tovar ayirboshlaming o‘sish sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, hududlarning ishbilarmonlik aloqalari va madaniy-gumanitar almashinuvini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, joriy yil 22 oktyabr kuni Moskva viloyatida o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi samarali bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Shu bilan birga, muloqot yakunida 3 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va uning doirasida qo‘shma biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlarning rejasi muhokama qilindi.






