AsosiyJamiyat

Toshkentda uyini ta’mirlayotgan fuqaro yerto‘ladan granata va qurollarni topdi

Тезкор суриштиришлар давомида мазкур қурол-яроғ ва портловчи моддалар фуқаронинг марҳум отасига тегишли экани маълум бўлган.

'Toshkentda uyini ta’mirlayotgan fuqaro yerto‘ladan granata va qurollarni topdi'ning rasmi

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 2 dekabr kuni 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahar IIBning 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, uyini ta’mirlash vaqtida ertoladan qurol va o‘q-dorilarni topganini, ularni ixtiyoriy ravishda topshirish niyatida ekanini bildirgan.

Hodisa joyiga etib borgan xodimlar tomonidan ertolada bir dona RGD-5 qo‘l granatasi, TOZ-8 rusumli o‘qotar qurol, IJ-27E rusumli o‘qotar qurol, portlatish qurilmasi, besh dona qo‘l granatasi zapali, bir dona elektrodetonator va uning portlovchi shnuri, 546 dona turli xildagi jangovar o‘q-dorilar hamda 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari, shuningdek o‘tkir tig‘li jismlar aniqlangan.

Tezkor surishtiruvlar davomida mazkur qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar fuqaroning marhum otasiga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, u muqaddam Mudofaa vazirligining turli bo‘linmalarida xizmat qilgan va Qurolli kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.

IIV eslatishicha, qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni noqonuniy saqlash, olib yurish yoki ixtiyoriy ravishda topshirmaslik holatlari Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar