Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar jazo chorasi sifatida majburiy mehnatga jalb etilgani aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tuman aholisi orasidan fuqaro Sh.N. tegishli idoralarga murojaat qilib, maktab direktori va ayrim pedagoglar tomonidan o‘quvchilarga daraxt oqlash, yer sug‘orish, qor tozalash kabi ishlar majburiy tarzda yuklatilayotganini bildirgan.
Mazkur murojaat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan. Tekshiruv davomida ushbu ishlar “tarbiyaviy jazo” sifatida amalga oshirilgani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan maktab ma’muriyatiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi (mehnatga majburlash) bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llangan.






