Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi bugun, 15 yanvar kuni AQSh so‘roviga binoan Erondagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda yanvar oyida Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Somalining BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.
AQSh iltimosiga ko‘ra, yig‘ilish Yaqin Sharqdagi vaziyat kun tartibi doirasida brifing shaklida o‘tkaziladi. U 2026 yil 15 yanvar kuni Nyu-York vaqti bilan soat 15:00 ga belgilangan.
Eronda 2025 yil 28 dekabrda milliy valyuta kursining keskin pasayishidan so‘ng norozilik namoyishlari boshlandi. Ular politsiya bilan to‘qnashuvlar, ma’muriy binolarga hujumlar va internetga kirish cheklovlari bilan kechgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatgan bo‘lsa, Vashington aralashishga tayyorligini bildirgan. Eron oliy rahbari Ali Xomanay esa AQShni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan.
Shuningdek, Eron Xavfsizlik Kengashi tartibsizliklarda AQSh va Isroilni ayblagan. 13 yanvar kuni Tramp namoyishchilarni hokimiyatni egallashga chaqirib, Eron bilan barcha uchrashuvlar bekor qilinganini e’lon qilgan. Rossiya TIV Eronga nisbatan tashqi aralashuvni keskin qoralagan.






