Migratsiya agentligi axborotiga ko‘ra, xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari qiyin ahvolga tushgan taqdirda ularga moddiy va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
Ma’lum qilinishicha, og‘ir moliyaviy holatga tushib qolgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha bir martalik yordam ajratilishi mumkin. Zarurat bo‘lsa, ariza asosida vatanga qaytish uchun aviachipta ham olinadi.
Shuningdek, xorijda og‘ir kasallikka chalingan yoki baxtsiz hodisaga uchragan fuqarolarning 1 mingdan 1,5 ming dollargacha bo‘lgan tibbiy xarajatlari qoplanadi. Yashash joysiz qolganlarga esa 30 kungacha hostel bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Og‘ir vaziyatga tushgan xotin-qizlar va ularning farzandlarini vatanga beg‘araz qaytarish imkoniyati ham mavjud.






