Turkiyaning Istanbul viloyatida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan 36 yoshli Hurriyat Tursunboyeva eri tomonidan o‘ldirilgani aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi ayolni uyida janjal paytida o‘ldirgan. U jasodni bir muddat yashirib, keyinchalik bo‘laklarga bo‘lib, chiqindi konteyneriga tashlagan. Holat yuzasidan erkak hamda unga yordam bergani aytilgan do‘sti qo‘lga olingan.
Istanbul politsiyasi rahbariyati topshirig‘i bilan eski yo‘qollik ishlari qayta ko‘rib chiqilgan. Qayta tergov jarayonida qo‘shnilar ko‘rsatmalari, telefon ma’lumotlari va uyida o‘tkazilgan tekshiruvlar orqali jinoyat izlari aniqlandi va xonadonda qon izlari topilgan.
Gumonlanuvchi so‘roqda jinoyatni tan olib, jasodni qanday yo‘q qilganini aytgan. U voqeadan so‘ng boshqa shaxs hujjatlari orqali yashirinib yurgani ham ma’lum bo‘ldi. Joriy yil mart oyida erkak chegaradan Turkiyaga kirgan vaqtida qo‘lga olingan. Hozirda har ikki gumonlanuvchi sudga topshirilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Turkiyadagi o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq jinoyatlar
Avvalroq, Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafruz Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Qayd etish joiz, so‘nggi vaqtlarda Turkiyada o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq qator og‘ir jinoyatlar kuzatilmoqda.






