O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Saxalin viloyatida joylashgan 1-sonli jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurib, u erda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, hozirda mazkur muassasada 11 nafar o‘zbekistonlik Rossiya Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha jazo o‘tamoqda. Tashrif davomida diplomatlar mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan yashash xonalari, ovqatlanish va dam olish joylari bilan tanishgan. Shuningdek, mahkumlar bilan suhbat o‘tkazilgan. Suhbat chog‘ida mahkumlar muassasadagi sharoitlardan qoniqayotganini bildirgan. Biroq ular yaqinlarini sog‘inayotgani sababli jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini aytgan. Shu munosabat bilan ular jazo muddatining qolgan qismini O‘zbekistondagi muassasalarga ko‘chirish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan. Diplomatlar esa O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida mahkumlarni o‘zaro topshirish bo‘yicha alohida shartnoma mavjud emasligi sababli, hozircha bu masalani amalga oshirish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan.






