O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo'lib o'tgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi majlisida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan to'siqsiz yagona raqamli savdo makonini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident bir qator yo'nalishlarda hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi, jumladan bojxona, fitosanitariya va veterinariya sohalarida raqamli ma'lumot almashinuvi, elektron hujjatlarni o'zaro tan olish hamda raqamli tranzit tizimini joriy etish.
Shuningdek, “aqlli” transport va bojxona yo'laklari, sanoatni avtomatlashtirish, robototexnika, energetika va suv tejovchi texnologiyalar bo'yicha qo'shma dasturlar ishlab chiqish taklif etildi.
Mirziyoyev, shuningdek, YeOII bilan hamkorlikda qo'shma loyiha ofisi tashkil etish, yuqori texnologiyali investorlar uchun imtiyozlar yaratish, “yashil” transformatsiya va sun'iy intellekt orqali sanoatni modernizatsiya qilish masalalarini ham qayd etdi.
Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi uchun yagona elektron platforma va “Markaziy Osiyo turistik halqasi” loyihasini rivojlantirish taklif qilindi.






