Andijon viloyatida tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi modda mavjud bo'lgan “Keto coffee mix” mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo'yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo'mitasi xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida Marhamat tumanidagi savdo majmuasida 1991 yilda tug'ilgan fuqaro 900 dona “Keto coffee mix” mahsulotini 6 million so'mga sotayotgan vaqtida qo'lga olingan.
Tergov davomida mazkur mahsulotlar Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi” hududida joylashgan do'kondan xarid qilingani aniqlangan. Shundan so'ng o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 1987 yilda tug'ilgan shaxsga tegishli do'kondan yana 480 dona “Keto coffee mix” mahsuloti olingan.
Ma'lum qilinishicha, musodara qilingan jami 11 kilogramm mahsulot tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi “sibutramin” moddasi borligi aniqlangan. Ushbu moddaning O'zbekiston hududida muomalasi taqiqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






