Ohangaron shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Mudofaa vazirligi tizimida ishlovchi 39 yoshli M.T.ga nisbatan shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak notanish qizni Ohangaron shahriga olib ketish maqsadida o‘z avtomobiliga mindirgan. Yo‘l davomida u qiz bilan tanishib, unga nisbatan noo‘rin harakatlar sodir etgani qayd etilgan.
M.T. sud majlisida qilmishini tan olgan va pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, u oilasining yagona boquvchisi ekani hamda ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini aytgan.
Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik) bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.






