AsosiyJINOYAT

O'zbekistonda 8 milliard so'mdan ortiq qiymatdagi birja qoidalari buzilishi aniqlandi

O'tkazilgan o'rganishlar davomida "Raqobat to'g'risida"gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablari buzilgan holatlar fosh etilgan.

'O'zbekistonda 8 milliard so'mdan ortiq qiymatdagi birja qoidalari buzilishi aniqlandi'ning rasmi

O‘zbekistonning bir qator hududlarida faoliyat yurituvchi korxonalar tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni belgilangan tartibda birja savdolariga chiqarmasdan sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablari buzilgan holatlar fosh etilgan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi "Koson yog‘ kombinati" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan birja orqali sotilishi lozim bo‘lgan o‘simlik yog‘i, paxta sheluxasi va paxta shroti 7 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan. Natijada korxona 91 million so‘mdan ortiq daromad olgan. Ushbu holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Namangan viloyatidagi "Pop sement" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa 2026 yilning birinchi choragida ishlab chiqarilgan sement mahsulotining kamida yarmini birja orqali sotish talabiga rioya qilmagan. Korxona 4,3 ming tonnadan ziyod sementni 2,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilgani aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

Samarqand viloyatidagi "Humo Agro Platinium" va "Zomin Ishonch" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan jamg‘arma orqali birjadan xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlash natijasida olingan un mahsulotlari belgilangan muddat va hajmlarda birja savdolariga chiqarilmagani ma’lum bo‘lgan. Korxonalarga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atilgan.

Surxondaryo viloyatidagi "Surxondaryodonmahsulotlari" aksiyadorlik jamiyati ham qonun talablarini buzgan korxonalar qatorida qayd etilgan. Aniqlanishicha, jamg‘arma orqali xarid qilingan 485 tonna uchinchi sinf bug‘doydan ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 364 tonna un birjaga qo‘yilmagan. Bundan tashqari, 375 tonna birinchi navli un to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida 1,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ga sotilgan. Korxonaga nisbatan moliyaviy choralar qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Toshkent shahrida joylashgan "Shavkat Biznes Agro", "Eksport Gold Agro" va "Flour Osiyo" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatida ham qonunbuzilish alomatlari aniqlangan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur subyektlar jamg‘arma orqali birjadan xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni birjaga chiqarmasdan sotgan bo‘lishi mumkin. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan ishlar ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Toshkent viloyatidagi "O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2026 yil aprel oyida birja savdolariga chiqarilishi lozim bo‘lgan ko‘mir mahsulotlari tasdiqlangan grafikda belgilangan muddat va hajmlarda joylashtirilmagani aniqlangan. Qo‘mitaga ko‘ra, bu holat bozorda manipulyatsiya alomatlarini keltirib chiqargan va natijada 4,3 milliard so‘mdan ziyod mahsulot realizatsiya qilingan.

Ma’lum qilinishicha, barcha holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar