AsosiyJINOYAT

Navoiyda shubhali ko‘ringan erkakning yonidan marixuana, hovlisidan zahriqotil topildi

Hozirda ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Navoiyda shubhali ko‘ringan erkakning yonidan marixuana, hovlisidan zahriqotil topildi'ning rasmi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida profilaktika inspektorining sergakligi tufayli giyohvandlik vositalari bilan bog'liq qonunbuzarlik holati aniqlandi.

Viloyat IIB Axborot xizmati ma'lum qilishicha, tumanning "O'zbekiston" mahallasi hududida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori, kapitan Bahriddin Yuldoshev bemaqsad yurgan shubhali shaxsga e'tibor qaratgan.

Mahalla aholisini yaxshi taniydigan inspektor mazkur fuqaro bilan suhbatlashishga uringan. Biroq sarxush holatda bo'lgan shaxs ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga bo'ysunmay, voqea joyidan qochishga harakat qilgan.

Shundan so'ng Navbahor tumani IIBning tezkor-tergov guruhi jalb qilinib, fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Uning yoni ko'zdan kechirilganda, qog'ozga o'ralgan, taxminan 7 gramm og'irlikdagi marixuanaga o'xshash giyohvandlik moddasi topilgan.

Tezkor tadbirlar davomida ushbu shaxsning yashash xonadoni ham o'rganilgan. Ma'lum bo'lishicha, u tomorqa hududida yashirin ravishda zahriqotil o'simligini yetishtirib kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur noqonuniy faoliyatga chek qo'yilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar