Biroq Eron tomoni hozircha hech qanday yakuniy kelishuv rasmiylashtirilmaganini bildirmoqda.
Tramp kecha, 11 iyun kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy bosqichga chiqqanini ta’kidladi.
“Biz Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha juda yaxshi kelishuvga erishdik”, dedi AQSh rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar deyarli yakuniy ko‘rinishga keltirilgan bo‘lib, yaqin kunlarda Yevropada imzolanishi mumkin. Tramp, shuningdek, kelishuvning asosiy maqsadi Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini qayd etdi.
“Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi. Bu butun jarayonning asosiy maqsadi edi”, dedi u.
Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy davlat telekanaliga bergan intervyusida kelishuv haqidagi xabarlarni “taxminiy va erta xulosa” deb atadi.
“Hozircha hech narsa yakunlashtirilmagan”, dedi Baqoiy.
Uning ta’kidlashicha, anglashuv memorandumining katta qismi bo‘yicha kelishuvga erishilgan, ammo AQSh tomoni muzokaralar jarayonida qo‘shimcha talablar ilgari surgan. Shu bilan birga, Tehron o‘zining “qizil chiziqlari”dan chekinmasligini bildirgan.
Qayd etish joiz, Tramp oxirgi oylarda bir necha bor Eron bilan tinchlik kelishuvi yaqinligi haqida bayonotlar bergan. Xususan, aprel oyida u kelishuv “tez orada” tuzilishini aytgan bo‘lsa, may oyida muzokaralar amalda yakunlanganini ta’kidlagan. Biroq shu vaqtgacha rasmiy kelishuv imzolanmagan.
E’tiborlisi, Trampning navbatdagi bayonotidan bir necha soat oldin u Eron qarshi yangi zarbalar berilishi mumkinligini bildirgan edi. Shuningdek, AQSh Eronning asosiy neft eksport terminali hisoblangan Xark oroli va boshqa energetika obyektlarini nishonga olishi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan.
Bu bayonotlarga javoban Eron harbiylari mamlakat neft infratuzilmasiga hujum qilingan taqdirda javob choralari avvalgidan ham qattiq bo‘lishini ma’lum qildi.
So‘nggi haftalarda AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik yana keskinlashdi. Tomonlar bir necha marta o‘zaro zarbalar almashgan. Vashington Eronning harbiy va radar obyektlariga hujum qilgan bo‘lsa, Tehron ham AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga qarshi raketalar va uchuvchisiz apparatlar orqali zarbalar berganini bildirmoqda.
Mintaqadagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonlarni yana bir bor vazminlikka chaqirdi. Shuningdek, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Saudiya Arabistoni ham mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ma’lum qildi.






