AsosiyJINOYAT

Toshkent va Samarqand viloyatlarida qariyb 6 kilogramm narkotik modda musodara qilindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Toshkent va Samarqand viloyatlarida qariyb 6 kilogramm narkotik modda musodara qilindi.'ning rasmi

Toshkent va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1992 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan. U Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, 2025 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Tezkor tadbir doirasida uning ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, oshxonadagi muzlatgich ichida 151 gramm opiy, hojatxona shaxtasida esa 4 kilogramm 971 gramm gashish saqlanayotgani aniqlangan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur narkotik moddalar qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2003 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ular shartli xaridorga 932 gramm gashish va 2,5 gramm opiy moddasini 10 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar