Toshkent shahrida ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, Shayxontohur tumani IIB FMB Tergovga qadar tekshiruv va jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i o‘zining mansabdor tanishlari orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilgan.
Shuningdek, u tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida muassasa xodimining kuyish jarohati olgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun yana 500 AQSh dollari so‘ragan. Shu tariqa, mansabdor shaxs jami 7,5 ming AQSh dollari talab qilgani aytilmoqda.
Tezkor tadbir davomida u oldindan kelishilgan pul mablag‘ining 2,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzarlik holatlari haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga chaqirdi.






